O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari guruhi har ikki yilda yuridik shaxslar haydovchilari malakasini oshirish to‘g‘risidagi sentyabrda qabul qilingan qaror bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga so‘rov tayyorladi. Bu haqda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Qarorga muvofiq, joriy yildan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilari har ikki yilda bir marta Avtotest o‘quv bazalarida malaka oshirishi lozim. 1 iyuldan yuridik shaxslar haydovchilarida Avtotest kursidan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikat bo‘lmaganligi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi. Yo‘l harakati qoidalariga bu haqdagi o‘zgartirish kiritildi.

Hukumatning ushbu qarori keng jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Hujjat qabul qilinishidan avval ochiq muhokamaga qo‘yilmagani, nima sababdan har ikki yilda haydovchilar malaka oshirishi lozimlining tushunarsiz ekani va eng asosiysi — bunday huquqning xususiy kompaniyaga berilishi noroziliklarni uyg‘otdi.

Savdo-sanoat palatasida qaror tegishli organlar bilan o‘rganilishi lozimligi aytildi, biroq keyinroq SSP qaror qabul qilishda IIV, Davlat raqobat qo‘mitasi va boshqa mahkamalar bilan ishtirok etgani to‘g‘risidagi xabar paydo bo‘ldi.

Rasul Kusherboyevning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar ham bunday qarordan hayron qolishdi: «Nima uchun bunday huquq bitta yuridik shaxsga berildi, bu ochiqchasiga sun’iy monopoliya tashkil etish emasmi? Nima uchun sertifikatning amal qilish muddati ikki yil xolos? Bizda YHQ tez-tez o‘zgarib turadimi?»

«Mamlakat Prezidenti alohida tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyoz va preferensiyalar berishga nuqta qo‘yish kerakligi haqida gapirmoqda. Biroq bu yerda teskari yo‘nalishdagi harakatni ko‘rayapmiz», — dedi deputat.

So‘rov yuborish to‘g‘risidagi taklif deputat Qodir Jo‘rayev tomonidan ilgari surilgan edi. Uni boshqa deputatlar qo‘llab-quvvatlab, jamoaviy deputatlik so‘rovini tayyorlashga qaror qilindi, deya ma’lum qildi Rasul Kusherboyev.

U parallel ravishda dunyo tajribasi o‘rganilib, hukumatga taklif qilinishi mumkin bo‘lgan muqobil qaror muqobillari ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi.

Deputatlar har oy 10 kun fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish uchun hududlarga chiqadi. Rasul Kusherboyevning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlarning haydovchilari va mutaxassislar o‘zgarishlardan norozi.

Deputatlik so‘rovi yuborilgandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi 10 kun ichida asoslangan javobni berishi lozim.