Toshkentda 2017 yil davomida bozorlar, savdo majmualari va odamlar to‘planadigan boshqa maskanlarda o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlarda 900 dan ziyod valyutaga oid huquqbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Bobir Dehqonov ma’lum qildi.

2017 yilda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyuta jinoyatlari va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamentining shahar boshqarmasi tomonidan 818 ta valyutaga oid huquqbuzarliklar aniqlandi.

Jami bo‘lib 102 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ularning 74 tasi Jinoyat kodeksining 177- (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish), 25 tasi — 176- (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 3 tasi boshqa moddalar bo‘yicha ochildi. Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida 716 ta bayonnoma rasmiylashtirildi va 1258 ta profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Joriy yilda esa 91 ta valyutaga oid huquqbuzarlik fosh etilgan bo‘lib, ular bo‘yicha 11 ta jinoiy ish, jumladan 9 ta JK 177- va 2 ta 176- modda bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida 80 ta bayonnoma rasmiylashtirilib, 500 marta profilaktik suhbat o‘tkazildi.