O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi rivojlanishini tahlil qilish natijalari tizimning bugungi kun talablariga javob bermasligini va tub islohotlarga muhtojligini ko‘rsatdi.

Jumladan, kasb-hunar kollejlarini hududlarda joylashtirishga tizimli yondashish mavjud emasligi, mintaqalarda yo‘l-transport infratuzilmasining yetarlicha rivojlanmaganligi o‘quvchilarning vaqti-vaqti bilan mashg‘ulotlarga ommaviy qatnashmasligiga sabab bo‘ldi;

kasb-hunar kollejlari va ularning o‘quv ustaxonalari o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan ta’minlanganligi ilm-fan, ishlab chiqarish texnologiyalari va texnikaning rivojlanishi sur’atlaridan orqada qoldi, kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnik jihozlanishi darajasi o‘rtacha 56 foizni tashkil etdi;

darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash va nashr etish bo‘yicha ishlar samarasiz va o‘z vaqtida moliyalashtirilmasligi kasb-hunar ta’limi tizimini yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashda jiddiy ravishda orqada qolishga olib keldi;

kasb-hunar kollejlaridagi mintaqalarda iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojlarini ta’minlamaydigan kadrlar tayyorlashning mavjud tizimi, mehnat bozori kon’yunkturasi va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi hisobga olinmasdan belgilanadigan kasb-hunar kollejlariga qabul qilish kvotalari bitiruvchilarni ishga joylashtirish ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi;

kasb-hunar kollejlaridagi amalga oshiriladigan o‘quv jarayoni, qo‘llaniladigan o‘quv-normativ hujjatlarning kamchiliklari, kasblarning murakkabligi darajasi hisobga olinmasdan ta’limning yagona muddatlari belgilanishi, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdagi kamchiliklar olinadigan bilimlar darajasi pasayishiga va bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha bitiruvchilarga talab pastligiga, o‘qish tugallangandan keyin ish joylarida ularni qo‘shimcha ravishda o‘qitish zarurligiga olib keldi;

aholi turli toifalarini «Hayot davomida ta’lim olish» prinsipi bo‘yicha kasbga tayyorlash tizimining zaif rivojlanganligi katta yoshdagi aholining salmoqli qismi, shu jumladan, ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan yoshlar va nogiron shaxslar mehnat bozorida talab etilmasligiga olib keldi;

kasb-hunar kollejlarida o‘quv jarayonini tashkil etishga va o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga rasmiyatchilik bilan munosabatda bo‘lish, ularning bo‘sh vaqtini tashkil etishning samarasiz mexanizmi mashg‘ulotlarga qatnashish pasayishiga va buning oqibatida ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklar soni ko‘payishiga olib keldi.

Ushbu sohadagi mavjud muammolarni tizimli hal etish, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasi asosida kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish, mavjud kasb-hunar kollejlarining moddiy bazasidan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga idoraviy bo‘ysunuvchi kasb-hunar kollejlarida malakali va mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholi barcha qatlamlarining ehtiyojlarini hisobga olish va bandligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta ta’lim uzluksiz va bepul 11 yillik ta’lim negizida amalga oshiriladi;

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosida, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan ta’lim muddatlarida amalga oshiriladi.

Farmonda kasb-hunar ta’limi sohasida kadrlar tayyorlash tizimining quyidagi eng muhim vazifalari ham belgilangan:

talab etilgan kasblar bo‘yicha iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika va texnologik tendensiyalarni hisobga olgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilgan holda ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan o‘rta bo‘g‘inning malakali mutaxassislarini tayyorlash;

iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari uchun zarur mutaxassislar tayyorlash, kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni, ish beruvchi korxonalarning takliflarini hisobga olgan holda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida talab qilingan mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish bo‘yicha kasb-hunar kollejlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

yoshlarni har tomonlama barkamol shaxs qilib, vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashga, shuningdek, o‘quvchilarda boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosimizga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy va axloqiy sifatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayonni yangi pedagogik shakl va usullar asosida tashkil etish;

yetakchi mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;

kasb-hunar ta’limi milliy standartlari talablarini xalqaro ta’lim standartlari tasniflagichiga, xalqaro malaka talablariga muvofiqlashtirish, milliy malaka talablarining rivojlangan mamlakatlar malaka talablariga muvofiqligini bosqichma-bosqich ta’minlash va e’tirof etilishiga qaratilgan ishlarni tashkil etish;

nodavlat ta’lim sektorini uzluksiz davlat ta’lim tizimi bilan samarali integratsiyalash, tabaqalashtirilgan ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha orttirilgan amaliy tajribani tizimlashtirish va kelgusida amaliyotga joriy etish;

mamlakat iqtisodiyotini yanada isloh qilish, uni barqaror o‘stirish hamda modernizatsiyalash jarayonlarida faol va samarali ishtirok etishga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash maqsadida o‘quv jarayoniga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni faol qo‘llab kasb-hunar ta’limi va ishlab chiqarishning o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlash;

kasb-hunar kollejlarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish va yanada mustahkamlash, undan oqilona foydalanish bo‘yicha yuqori samarali o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va boshqa axborot-kommunikatsiya uskunalari bilan jihozlashni o‘z ichiga oladigan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Farmon bilan kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirishni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi hamda tegishli hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi. Quyidagilar ularning vazifalari hisoblanadi:

ta’lim olinadigan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlarga mehnat bozoridagi ehtiyojni, ularning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiqligini, keyinchalik bitiruvchilarni biriktirish uchun potensial tarmoq ish beruvchilarini aniqlash yuzasidan kasb-hunar kollejlari faoliyatini o‘rganish;

mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining maqsadli parametrlariga va mehnat bozori prognoziga muvofiq kadrlarga bo‘lgan mavjud real ehtiyojlarni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarini tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning tarmoq bo‘ysunishiga berish, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, shu jumladan, kichik va xususiy biznes korxonalari uchun mehnat bozorida talab etiladigan ishchi kasblariga o‘qitish uchun ko‘p tarmoqli kollejlar tarmoqlarini tashkil etish, ayrim mutaxassisliklar (kasblar) bo‘yicha talab yo‘qligi munosabati bilan kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish yoxud ularda umumta’lim maktablari va o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini hamda bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarini joylashtirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish.