«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» kompaniyasi fevraldan «O‘zbekiston temir yo‘llari» poyezdlarida Rossiyaga shaharlariga qo‘shimcha qatnovlar ochilishi to‘g‘risida xabar qildi.

Kompaniyaning xabar qilishicha, «Toshkent-Moskva», «Toshkent-Ufa» va «Andijon-Moskva» haftalik qatnovlari haftasiga ikki martaga yetkaziladi, «Toshkent-Volgograd» reysi esa haftasiga ikki martadan uch martaga oshiriladi.

Kompaniya chiptalarni xarid qilishda muammo yuzaga kelganda hududiy ma’lumotxonalar yoki +998909577875 raqam bo‘yicha Telegram messenjeri orqali murojaat qilishni so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yildan «O‘zbekiston temir yo‘llari"ning xalqaro qatnovlari chiptalarini oldindan sotib olishda chegirmalar joriy etildi.

Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolari ishtirokidagi fojiadan so‘ng hukumat 23 yanvar kuni davlat chegarasidan tashqariga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga doir shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Hujjatda yo‘lovchi avtobuslari holati ustidan nazoratni kuchaytirish, mehnat migrantlari uchun imtiyozli avia va temir yo‘l chiptalarini joriy etish, yangi avtobus, temir yo‘l va aviayo‘nalishlarni ochish, shuningdek xorijiy past byudjetli tashuvchilarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.