Favqulodda vaziyatlar vaziri Rustam Jo‘rayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi 18 yanvar kuni ertalab Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisada jarohatlangan va halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga olib kelish bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal qilish uchun Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatiga yetib bordi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari avtobusdagi yong‘indan omon qolgan hamyurtlarimiz davolanayotgan viloyat intensiv terapiya klinik shifoxonasida bo‘ldi.

Shu kuni Aqto‘be viloyat hokimligida Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi, Investitsiya va rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qozog‘istonning boshqa xizmatlari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston delegatsiyasining amaliy yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Erlan Turgumbayevning ma’lumotiga ko‘ra, 32 nafar halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlashtirildi va kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish guruhi tomonidan avtobusdagi yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.