O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi fondiga 100 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratadigan bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zA.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy komissar Zayd Raad al-Husaynning Boshqarma byudjetiga ixtiyoriy badal to‘lovini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqish haqidagi murojaatini qabul qildi.

O‘tgan yilning mayida Oliy komissar Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi.

Sentyabrda mamlakatga Oliy komissarning mintaqaviy idorasi Boshqarmasi rahbari Rishard Komenda tashrif buyurdi. Oktyabr oyida esa BMT inson huquqlari bo‘yicha Kengashining din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmed Shahid O‘zbekiston bo‘ylab safar qildi.