Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Saratov viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 7 yanvar kuni taxminan soat 20.00 da federal avtomobil yo‘lining 560- kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Saratov viloyati tomon harakatlanayotgan BMW rusumli avtomobil haydovchisi qiyalikda boshqaruvni yo‘qotib RENO rusumli mikroavtobus bilan to‘qnashgan. YTH natijasida 5 kishi jabrlangan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, barcha jabrlanganlar, shu jumladan 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi va BMW haydovchisi Petrov tuman kasalxonasiga olib kelingan, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotlariga tayangan holdi.

Hozirgi paytda O‘zbekiston fuqarosi Choriyeva Sayohat Tashpulatovna (1982 yil 30 avgustda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) Saratov viloyati Petrov tumanidagi kasalxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning holati barqaror, jabrlanganning hayotiga hech narsa xavf solmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan RENO mikroavtobusining boshqa yo‘lovchilari yengil tan jarohati olishgan va kasalxonaga yotishni rad etishgan:

1. Fayoza Rustam qizi Eshpulatova, 1995 yilda tug‘ilgan;

2. Muxtorxon Pulatovich Giyosov, 1972 yil 6 yanvarda tug‘ilgan;

3. Nuriddin Ilxamovich Xaydarov, 1986 yil 14 fevralda tug‘ilgan.

Hozirgi vaqtda elchixonaning konsullik bo‘limi jabrlangan ayolga yordam berish masalasini hal etmoqda.