Toshkent prokuraturasi Sergeli tumanida oilalarga yangi qurilgan uylardan kvartira ajratishdagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda payshanba kuni poytaxt IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda shahar prokuraturasining rasmiy vakili Bobir Dehqonov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura turar joy ajratish bo‘yicha komissiya faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazib, qator qonunbuzarliklar mavjudligini aniqladi. Jumladan, murojaatlarni ko‘rib chiqish, yashash sharoitlarni tekshirish to‘g‘risidagi hujjatlarni qalbakilashtirish, kadastr xizmatlari tomonidan soxta hujjatlarning taqdim etilishi, yosh oilalarga mo‘ljallangan kvartiralarni ajratishdagi qonunbuzarliklar, fuqarolarga ish joyi va oylik ish haqi miqdori to‘g‘risida soxta hujjatlarni berish, shuningdek tegishli fuqarolarga kvartiralar ajratish tartiblarining buzilishi kabilar aniqlandi.

Ko‘rsatib o‘tilgan holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-(xizmat majburiyatlarini suiiste’mol qilish), 207-(mas’uliyatsizlik), 209-(xizmat soxtakorligi) va 144-(murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi) moddalari bo‘yicha 11 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Javobgarlikka tortilgan shaxslarning aniq soni tergov harakatlari davom ettirilayotgani sababli ma’lum qilinmadi.