O‘zbekistonda 133 ta yo‘l-patrul xizmati maskani hamda patrul-post xizmati statsionar maskanidan 66 tasi tugatiladi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga ma’lum qildi.

O‘tgan juma kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat viloyatlari o‘rtasidagi postlarni yopish zarurligi haqida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi postlarning joylashuvi nafaqat fuqarolarga, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizmga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

IIV rahbarining qayd etishicha, jami postlarning 60 tasi yo‘l-patrul xizmati maskani, 73 tasi esa patrul-post xizmati statsionar maskani hisoblanadi. Dastlabki o‘rganishlardan keyin 133 postdan 66 tasini tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlandi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.