Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi munosabati bilan poytaxtdagi buzilayotgan O‘qchi va Olmazor mahallalarida doimiy istiqomat qilayotgan fuqarolar ularning yashash joylarini buzish ishlari boshlangunga qadar turar-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda Toshkent hokimiyati xabarida so‘z boradi.

Fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra Yashnobod tumanidagi yangi uylardan (ko‘chib o‘tgunlariga qadar turar-joy ijarasi uchun tovon puli bilan ta’minlanadi) yoki ikkilamchi turar-joy bozoridagi kvartiralardan tanlashlari mumkin.

2015 yilda O‘zbekiston hukumatining topshirig‘iga muvofiq, Toshkent shahar hokimining 2015 yil 7 yanvardagi 5-sonli qarori bilan yuqorida keltirilgan mahallalardagi qolgan oilalarni ko‘chirish hisobiga buziladigan turar va noturar joy obyektlar belgilangan.

Shayxontoxur tumani hokimiyati qoshidagi maxsus komissiyaning 2015 yilda uyma-uy o‘tkazilgan xatlov natijasida mahallalarda joylashgan 556 ta turar joylarda 2276 ta oila doimiy ro‘yxatga olingani, bunda, mahalla fuqarolar yig‘inining ma’lumotlari bo‘yicha mahallalar hududida haqiqatda 1297 ta oila doimiy yashayotgan, qolgan oilalar doimiy ro‘yxatda bo‘lib, Toshkent shahrining boshqa manzillarida istiqomat qilishi aniqlangan.

Oilalarni ko‘chirish va turar joylarni buzish ishlari 2015 yil bahor oylarida boshlangan bo‘lib, 329 ta oila ko‘chirilib, 12 ta turar joy to‘liq va 88 ta turar joy qisman buzilgan. Oilalarni ko‘chirish ishlari ularning yozma roziligiga asosan Toshkent shahridagi uy-joy bozorining ikkilamchi turar joylaridan yoki yakka tartibdagi turar joylar qurish uchun belgilangan yer uchastkalari ajratish yo‘li bilan amalga oshirilgan.

2015 yilda Olmazor tumanidagi Nurafshon ko‘chasi bo‘ylab ko‘p qavatli turar joylar qurilishi va u yerdagi yakka tartibdagi turar joylar buzilishi munosabati bilan Shayxontoxur tumani O‘qchi va Olmazor mahallalarda buzilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.

2016 yili davlat rahbariyati tomonidan ushbu hududda Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazini zamonaviy ishlab chiqilgan qurilish bosh rejasi asosida, tadbirkor va banklarning 1 mlrd dollar mablag‘ini jalb qilishni ko‘zda tutgan holda amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ushbu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 28 iyuldagi 559-sonli qaroriga muvofiq, Tashkent city XIM hududida Obyektlarni qurish va foydalanish direksiyasi tashkil etildi. Turar joy binolarini buzish va fuqarolarni ko‘chirish ishlarini tashkil etish uchun Shayxontoxur tumani hokimligi tomonidan buzilgan turar joylarni kompensatsiya turini aniqlash maqsadida o‘rnatilgan tartibda komissiya tashkil etilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent shahridagi tegishli boshqarma va tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlarini jalb qilgan holda turar joylarda doimiy ro‘yxatda turuvchilar, haqiqatda yashovchilar va uy-joy mulkdorlari tarkibini aniqlash maqsadida qolgan uy-joylarni qayta xatlovdan o‘tkazish ishlari tashkil etilgan.

Xatlov natijasi bo‘yicha 2017 yil holatiga mahallalarda 521 ta turar joy binolari joylashib, ularda 2165 ta oila doimiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shulardan 1138 ta oila haqiqatda yashagani aniqlangan.

Tashkent city XIM qurilish uchun buzilishga tushgan hududda haqiqatdan ham yashayotgan oilalarni ko‘chirish maqsadida Yashnobod tumanida 1155 ta kvartirali 21 ta ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun yer uchastkalari ajratilgan. Ko‘p qavatli uylar qurilish ishlarining yakunlash muddati 2018 yilning may-iyun oylariga belgilangan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 24 noyabrdagi bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimining 28 noyabrdagi qaroriga muvofiq, qisqa muddatda fuqarolarni ko‘chirish va turar joylarni buzish masalasini hal etish ya’ni, ko‘chirilish kerak bo‘lgan oilalar uchun yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar bitgunga qadar (7−8 oy) oilalarni vaqtincha Toshkent shahrida ijara asosida yashashi uchun Tashkent city XIM Direksiyasi hisobidan xar bir oilaga 11,2 mln.so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bunda fuqarolarga yangi qurilayotgan uylardan xonadon (pod kotlavan) va pul mablag‘lari ajratish ularning yozma ravishdagi roziliklaridan so‘ng Shayxontoxur tuman hokimligi tomonidan kafolatlangan majburiyatini rasmiylashtirish asosida amalga oshirilmoqda. Boshqa uy-joyni olish istagini bildirgan oilalarga ijtimoiy normadan kelib chiqqan holda ikkilamchi bozoridan uy-joylar olish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

2017 yil 22 dekabr holatiga ko‘ra 96 ta oila yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar bitgunga qadar vaqtincha Toshkent shahrida ijara asosida yashashi uchun mablag‘ olish xohishini yozma ravishda bildirgan. 75 ta oilaga vaqtincha Toshkent shahrida ijara asosida yashashi uchun har bir oilaga 11,2 mln so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratilgan. 9 ta oilaga ularning yozma roziligi asosida ikkilamchi uy-joy bozoridan ijtimoiy normadan kelib chiqqan holda xonadonlar tanlangan. Ushbu xonadonlar o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga qabul qilinmoqda va ko‘chirish kerak bo‘lgan oilalarga mulk sifatida rasmiylashtirilishi belgilangan. 35 ta oila ko‘chirilgan va 9 ta turar joy to‘liq, 6 tasi qisman buzilgan.

Turar joylarni buzish ishlari, doimiy yashovchi oilalar to‘liq ko‘chirilib va kompensatsiya miqdori ajratilganidan so‘ng amalga oshirilmoqda.

1027 ta doimiy ro‘yxatda turgan lekin uzoq vaqt mobaynida yashamagan oilalarga kompensatsiya berish masalasi Toshkent shahar Shayxontoxur tumani hokimligining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida tuzilgan maxsus komissiyasida tuman hokimi boshchiligida mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari va tegishli tashkilotlar ishtirokida o‘rnatilgan tartibda masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.