O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) ko‘magida 18−19 yoshdagi yoshlarning reproduktiv salomatlik haqidagi bilimlardan xabardorlik darajasini o‘rgandi.

So‘rovda Toshkent shahri, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilari — 1200 nafar yigit va qizlar ishtirok etdi. Tadqiqot yakunlari taqdimoti 11 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazildi.

«Reproduktiv salomatlik» deganda 57,1 foiz yigitlar va 67,6 foiz qizlar to‘liq jismoniy, aqliy va ijtimoiy farovonlik holatini (JSST qabul qilgan formulirovka), 57,3 foiz yigitlar va 51,6 foiz qizlar — sog‘lom bolani dunyoga keltirish qobiliyatini tushunishi ma’lum bo‘ldi. 32,6 foiz respondent reproduktiv salomatlik kasalliklardan holi bo‘lish, 24,7 foizi esa xavfsiz jinsiy hayotni tushunadi.

So‘ralganlarning fikriga ko‘ra ta’lim muassasalari (49,7 foiz), ota-ona va qarindoshlar (39,7 foiz), gazeta va jurnallar (27,2 foiz), tibbiyot xodimlari maslahatlari (27,2 foiz), televideniye va radion (20,9 foiz), do‘stlari va tanishlari (15,2 foiz) reproduktiv salomatlik haqidagi bilimlar manbai hisoblanadi.

Respondentlarning katta qismi — 64,3 foizi o‘rta maktabda ta’lim olayotganda reproduktiv salomatlik haqida ma’lumot olmaganini ko‘rsatdi.

86 foiz yigitlar va 93,2 foiz qizlar sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlik masalari bo‘yicha mashg‘ulotlarga qiziqish bildirgan.

Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar haqidagi savollarga 13,5 foiz respondent javob berishga qiynaldi. Bunday kasalliklarning yuqishiga asosiy sabab sifatida jinsiy munosabatlarning barvaqt boshlanishi (52 foiz), infeksiyalar haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmaslik (48,6 foiz), himoya va oldini olish vositalaridan foydalanmaslik (31,3 foiz) va sherikni tez-tez almashtirish (42,5 foiz) keltirib o‘tilgan.

Jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlamaslik va davolashni kechiktirish oqibatlari haqidagi savollarga 13 foiz yigitlar va 16,8 foiz qizlar javob berishga qiynalgan.

Shuningdek OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari haqida ham respondentlarga savollar berildi. 73,2 foiz ishtirokchilar OIV qon quyish, 67,1 foizi — sterilanmagan shpritslardan foydalanish, 55,4 foizi — himoyalanmagan jinsiy yaqinlik, 50,1 foizi jarrohlik aralashuvi va tishlarni davolash, 37,1 foizi — idishlardan foydalanish, 33,8 foizi go‘zallik salonida manikyur, pedikyur va sartarosh xizmatidan foydalanish, 26,3 foizi (32,4 foiz yigitlar va 22,2 foiz qizlar) — o‘pishish orqali, 12,6 foizi — umumiy hojatxonadan foydalanish OIVni yuqtirib olishga sabab bo‘ladi, deb hisoblaydi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar odatiy kundalik aloqalar, masalan o‘pishish, quchoqlash va qo‘llarni ushlash yoki shaxsiy buyumlardan birgalikda foydalanish va oziq-ovqatlar yoki suv iste’mol qilishda kasallanmaydi.

«Tibbiyot mutaxassislari ishtirokida yoshlar bilan suhbatlar uyushtirish va OIVning qanday yuqish yo‘llari mavjudligi tushuntirilishi, bilimlar darajasi oshirilishi lozim», — deya tadqiqot natijalari bo‘yicha izoh berdi Toshkent tibbiyot akademiyasi dotsenti Lola Abduqodirova.