O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘rtasida Turkiya tomonining tashabbusi bilan 11 dekabr kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati xabar qilishicha, muloqot avvalida Turkiya Prezidenti O‘zbekiston rahbarini mamlakatda tarkibiy o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan amaliy natijalar bilan samimiy muborakbod etdi.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror va yuksak taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan siyosatni yuqori baholagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Muloqotda davlat rahbarlari joriy yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik, moliya-sarmoyaviy, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida o‘zaro samarali aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Prezidentlar, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammiti kun tartibidagi masalalar, jumladan, mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.

Eslatib o‘tamiz, IHT sammiti 13 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Quddusning Isroil poytaxti deb tan olinishi munosabati bilan chaqirilmoqda. Turkiya ayni paytda IHTga raislik qilmoqda.