Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va Tehno Dargoh kompaniyasi 6 dekabr kuni hamkorlikdagi VERUM QR loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, loyiha mamlakatdagi turistik ob’ektlar va diqqatga sazovor maskanlarni QR-kodlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi. Ushbu kodlar orqali sayyohlar smartfonlari yordamida 12 tilda mazkur ob’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyiha Xivada sinov rejimida ish boshladi.

Davlat turizm qo‘mitasi turizm sanoatiga IT-texnologiyalarni joriy etish o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi va SMART-turizmni joriy etish bo‘yicha IT-kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan Uzbekistan Pass yagona turistik kartani joriy etish, «O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» bilan smartfon yordamida samolyot yoki poyezdga chiqishdan 24 soatgacha muqaddam elektron chiptalarni ro‘yxatga olish va xarid qilish xizmatini yo‘lga qo‘yish loyihalari amalga oshirilmoqda.