O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 23 noyabr kuni Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabzda xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini tasdiqladi. Norma.uz hujjatning to‘rtta asosiy yo‘nalishini ajratib berdi.

Turizm xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish. Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari IIBda situatsion markazlar faoliyat ko‘rsatadi. Ular xavfsiz turizm holatini monitoring qilish, sayyohlarni real vaqt rejimida potensial xavflardan xabardor qilish hamda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yordamlashish bilan shug‘ullanadi.

Viloyat IIBlarda xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha boshqarmalar tashkil etiladi. Ularning boshliqlari bir vaqtning o‘zida IIB boshlig‘i o‘rinbosari sanalib, shaxsiy tarkib birinchi navbatda xorijiy tillarni biluvchi xodimlar orasidan tanlov asosida shakllantiriladi.

Mamlakatda bo‘lib turgan davrda sayyohlar xavfsizligini, transportdan foydalanish va ko‘chishlarini ta’minlash. Turizm sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi va yetib kelgan sayyohlar hisobini yurituvchi davlat va nodavlat tashkilotlarning yagona axborot bazasini shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabzdagi transport infratuzilmalari va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlarida plakatlar, belgilar va ko‘rsatkichlar o‘rnatiladi.

Mobil ilova sayyohlarni bo‘lib turish qoidalari, viza va ro‘yxatga olish jarayonlari, diqqatga sazovor manzillar va yo‘nalishlar, shuningdek yaqin militsiya tayanch punktlari va tibbiyot muassasalari to‘g‘risida xabardor qilib turadi. Mazkur mobil ilovada sayyoh huquqni muhofaza qilish organlariga mushkul vaziyatga tushib qolganlik to‘g‘risida xabar yuborishi yoki o‘z mamlakatining konsullik idorasiga murojaat yozishi mumkin.

Yashash joyi xavfsizligini ta’minlash, mehmonxonaga joylashish va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish. Har bir mehmonxonada yetib kelgan sayyohlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirishga imkon beruvchi «E-mehmon» elektron axborot tizimi joriy etiladi. Mehmonxonalarga kirish joyi kunu tun videokuzatuv ostida bo‘ladi.

Bundan tashqari, «Xavfsiz turizm» yagona apparat-dasturiy majmua joriy etiladi. Bu videokuzatuv, ma’lumotlarni tahlil qilish va avtomat ravishda qayta ishlash, huquqbuzarliklar va hodisalar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish va ro‘yxatga olish tizimi hisoblanadi.

Turistik diqqatga sazovor maskanlarga tashrif buyurgan sayyohlar va rasmiy xorijiy delegatsiyalar xavfsizligini ta’minlash va kechki ko‘ngilochar dasturlarni tashkil etish. Sayyohlarni individual himoya qilish bo‘yicha maxsus texnik vositalarga bo‘lgan talablarni ishlab chiqish va o‘rnatish ham belgilangan.