O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni «Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, paxtachilik tarmog‘ining jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ular qatorida, birinchi navbatda, xom ashyoni qabul qilish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilishda hisobga olish va nazorat tizimining mavjud bo‘lmasligiga olib kelgan zamonaviy texnologiyalarning yetarlicha joriy etilmaganligini ko‘rsatib o‘tish maqsadga muvofiq.

Qarorga muvofiq «O‘zpaxtasanoat» va «O‘zpaxtaeksport» aksiyadorlik jamiyatlarini birlashtirish, shuningdek, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasini tugatish asosida paxtachilik tarmog‘i uchun mas’ul bo‘lgan yagona tashkilot — «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Yog‘-moy tarmog‘ini rivojlantirishning maqbul yo‘llarini belgilab olish maqsadida «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyati ushbu tizimdan ajratib chiqarildi.

Qaror bilan paxtachilik tarmog‘ida ishlab chiqarish jarayonlarini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

Xususan, paxta xom ashyosini qabul qilish, to‘ldirish, saqlash va qayta ishlashning texnik vositalari va uslublari yaxshilanadi. Paxta tozalash korxonalari zamonaviy o‘lchov vositalari, laboratoriya uskunalari, paxta xom ashyosini qabul qilishda inson omilining rolini pasaytiradigan eng yangi axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Mazkur chora-tadbirlar paxta xom ashyosini qabul qilish, tashish, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish ustidan samarali hisobot va nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan bo‘lib, qo‘shib yozish va aniq ma’lumotlarni boshqacha tarzda buzib ko‘rsatish holatlarini istisno qiladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Sifat» paxta tolasini sertifikatlash markazining «O‘zstandart» agentligi tuzilmasiga o‘tkazilganligi boshqa muhim o‘zgarishlardan bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar 1,2 ming nafardan ortiq xodimi bo‘lgan «Sifat» markazi va 1,5 ming nafar xodimga ega «O‘zstandart» agentligi o‘zaro o‘xshash faoliyatni tashkiliy bo‘ysunuvsiz, mustaqil ravishda amalga oshirib kelgan. Standartlashtirish sohasida takroriylikning bartaraf etilishi paxta tolasi, paxta linti va texnik chigit kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish normativlari va talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlaydi.

Paxtachilik tarmog‘ida moliya intizomini mustahkamlash maqsadida Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.