Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my2.gov.uz) davlat notariuslari qabuliga onlayn yozilish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda UZINFOCOM Markazi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Xizmatdan butun O‘zbekistondagi yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi mumkin. Qabulga yozilish uchun maxsus formani to‘ldirish, unda xizmat turi, sanasi, aniq vaqti, notarial idora va boshqa ma’lumotlar kiritilishi lozim.

Murojaat qiluvchi belgilangan vaqtda kelmasa, qabul umumiy tartibda yoki qabul vaqtini qayta belgilash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Belgilangan vaqtda boshqa shaxsni qabul qilish mumkin emas.

UZINFOCOM Markazidan qayd etilishicha, Adliya vazirligi xususiy notariuslar qabuliga onlayn yozilish imkoniyatlarini ham ishlab chiqmoqda.