Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Seulning faxriy fuqarosi unvoni berildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Juma kuni Janubiy Koreya poytaxti meriyasida Shavkat Mirziyoyevga Seulning faxriy fuqarosi unvonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentning Seul meri Pak Von Sun bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida zamonaviy texnologiyalar asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro faol hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Seul nomi berish taklifini bildirdi.

Iyul oyida Seul meri O‘zbekistonga tashrif buyurgan va Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi.