Toshkent bozorlarida asosiy turdagi mahsulotlarning yuqori cheklangan narxlari aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida muntazam ravishda o‘rnatib kelinmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «Gazeta.uz"ga.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent hokimiyati va boshqa mahkamalar tomonidan tasdiqlangan noyabr oyi uchun yuqori cheklangan narxlar ro‘yxati qizg‘in muhokama qilinmoqda. Davlat raqobat qo‘mitasidan qayd etilishicha, poytaxtdagi 12 ta dehqon bozorida yuqori cheklangan narxlarning o‘rnatilishi - bu yangilik emas, mazkur amaliyot yarim yildan buyon joriy etib kelinmoqda.

«Narxlar har oyda, ba’zida esa har 10, 15, 20 kunda o‘rnatilmoqda. Hozirda tendensiya bunday: yuqori cheklangan narxlar har oyda o‘rnatilmoqda», - dedi qo‘mita vakili.

Narxlarni ko‘rib chiqish muddatlariga mavsumiy omillar, talab va u yoki bu mahsulot zaxiralari ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Yangi yil arafasida sitrus va boshqa talab yuqori mahsulotlarning yuqori cheklangan narxlari har hafta o‘zgaradi.

Davlat bozorlaridan tashqarida savdo qiluvchi tadbirkorlar cheklangan narxlarni o‘zlari belgilash huquqiga ega, deya qayd etdi suhbatdosh.

«Davlatga tegishli bo‘lgan bozorlarda asosiy mahsulotlar narxlarini mahalliy hukumat organlari belgilaydi. Bu aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida qilinadi», - deya ta’kidladi qo‘mita vakili.