Dushanba kuni ertalabdan O‘zbekistonning qator davlat tuzilmalari saytlari ishlamay qoldi. Taxminlarga ko‘ra ular xakerlar hujumiga uchradi.

Xususan, Adliya vazirligi, Toshkent hokimiyati, Davlat test markazi saytlariga kirishning imkoni bo‘lmadi.

Google orqali ushbu davlat tashkilotlari saytiga qidiruv berilsa, «Hacked By Skidie KhaN : : : TeaM Cyber CommandOs» so‘zlari chiqib keldi.

Ayni paytda O‘zbekistonning ko‘plab davlat saytlari, jumladan hukumat portali ishlashda davom etmoqda.

Saytlar joylashtirilgan UZINFOCOM datamarkazidan ular faoliyati yaqin vaqtlarda tiklanishi xabar qilindi.