Prezident Shavkat Mirziyoyev koreys diasporasi vakillariga: «umumiy uyimiz — jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi fidokorona va samarali mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman», — deya tabrik yo‘lladi. Juma kuni Toshkentda O‘zbekistonda koreys millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilayotganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

«O‘tgan asrning muhtojlikka yo‘g‘rilgan g‘oyat murakkab davri — 30-yillarida shafqatsiz siyosiy tuzum tazyiqi ostida o‘n minglab koreyslar Uzoq Sharqdan O‘zbekiston zaminiga kelib qolishgan. O‘zbek xalqi o‘ziga xos olijanoblik va bag‘rikenglik bilan taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgan koreyslarga mehr ko‘rsatdi, bag‘riga olib, boshpana berdi», - deyiladi Prezidentning marosim ishtirokchilariga yo‘llagan qutlovida.

«Mehnatsevarligi, qat’iy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz o‘xshashligi tufayli koreyslar O‘zbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, ko‘p millatli O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-e’tibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi», - deya qayd etiladi qutlovda.

«Biz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish — sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyatini mustahkamlash, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlaymiz. Ular yurtimizdagi cho‘llarni o‘zlashtirishda faol ishtirok etdi, qiyin sharoitlarda qo‘riq yerlarga ishlov berdi, yerning tilini biladigan omilkor dehqon sifatida keyinchalik eng ilg‘orlar qatoridan joy olgan xo‘jaliklar barpo etdi. Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning shonli va fidokorona mehnati, O‘zbekistonning har tomonlama taraqqiy topishi va farovon bo‘lishiga qaratilgan bunyodkorlik faoliyati mamlakatimiz erishgan yutuqlar solnomasida yorqin sahifa bo‘lib qoladi», - deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

U mamlakatda katta obro‘-e’tibor qozongan koreys millatiga mansub yurtdoshlar davlatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganini ta’kidlab o‘tdi. Ular orasida deputatlar, hukumat a’zolari, xizmat ko‘rsatgan fan, madaniyat va san’at arboblari, yuqori malakali mutaxassislar bor. Bular qatorida taniqli qishloq xo‘jaligi xodimlari Kim Pen Xva va Xvan Man Gim, O‘zbekiston Qahramoni, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak, maktabgacha ta’lim vaziri, senator Agrippina Shin, senator Valeriy Tyan, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, boks bo‘yicha jahon kubogi sohibi Vladimir Shin, rassom Nikolay Shin, akademik Vladimir Kim, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Shek va boshqalarni alohida e’tirof etish kerak, deyiladi tabrikda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 200 mingdan ziyod koreys millati vakillari istiqomat qilmoqda. «Ularning aksariyati o‘zbek tilida so‘zlasha olishi, madaniyatimizni yaxshi bilishini alohida qayd etish zarur. Buni biz o‘zbek xalqiga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtirom sifatida qabul qilamiz. Koreys diasporasi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ajralmas bo‘lagi bo‘lib, an’anaviy tarzda respublika miqyosida o‘tkaziladigan barcha ommaviy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi» - dedi Prezident.

Ayni paytda Toshkentda Koreya Respublikasi hukumati ko‘magida Koreys madaniyat va san’at uyi bunyod etilmoqda. Davlat rahbari uning tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlikning yorqin timsoli, yoshlar va ziyolilarni o‘ziga jalb qiluvchi maskan, madaniyatlarni o‘zaro boyitish markaziga aylanishiga umid bildirdi.

«O‘zbekistonda Koreya Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, koreys diasporasi bunga katta hissa qo‘shmoqda», deya qayd etdi Prezident.

22−25 noyabr kunlari Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga boradi. Tashrif jarayonida ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.