O‘zining to‘rt yoshli qizini urganini videoyozuvga qayd etgan ichki ishlar organlarining sobiq xodimi X.Abdurahmonov sud qarori bilan otalik huquqidan mahrum etildi. Bu haqda shahar prokuraturasining rasmiy vakili Bobir Dehqonov payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Oktyabrda Chilonzor tuman prokuraturasiga Abdurahmonovning turmush o‘rtog‘idan murojaat kelib tushadi. U o‘z arizasida turmush o‘rtog‘i bolalari bilan o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘lishi, to‘rt yoshli qizini haqoratlab, xafa qilishi, yuzi va tanasining boshqa qismlariga zarbalar berishi aytiladi.

Tezkor tergov tadbirlaridan so‘ng 30 oktyabr kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 110-modda 2-qismi «a» va «v» bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Tergov jarayonida psixologlar va boshqa mutaxassislar jalb etilgan holda bolalar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani o‘rganilib, o‘z tasdig‘ini topdi. Abdurahmonovga nisbatan qamoqqa olish ko‘rinishidagi chora qo‘llanildi. Bundan tashqari, sud-texnik ekspertiza belgilanib, uning yakunlari bo‘yicha Abdurahmonovning telefonidagi ma’lumot va materiallar o‘rganiladi.

Qizcha va uning akasining psixologik, hissiy va ruhiy holatini, shuningdek tan jarohatlari og‘irligi va sabablarini o‘rganish uchun kompleks sud-tibbiy ekspertizasi ham o‘tkaziladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 19 oktyabrdagi qarori bilan bolalar tarbiya qilish uchun onasiga topshirildi va hozirda uning qaramog‘ida.

31 oktyabr kuni Chilonzor tuman prokuraturasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga Abdurahmonovni bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun otalik huquqidan mahrum etish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi. Mazkur taqdimnoma qondirildi.

Abdurahmonov haqiqatdan ham ichki ishlar organlarida ishlagan, biroq jinoiy ish qo‘zg‘atilgandan so‘ng ishdan bo‘shatilgan.