14 noyabr kuni Madrid shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ispaniya tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Alfonso Dastis ikki davlat o‘rtasida aviaqatnov to‘g‘risidagi bitim va mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur hujjatlar transport-kommunikatsiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratadi, shuningdek, ikki mamlakat milliy yuk tashuvchilarining qatnov geografiyasini kengaytish imkonini beradi.

Tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari uchrashuvida o‘zaro tovar aylanishining o‘sishi, ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham birdek foydali ekanligini inobatga olgan holda O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini o‘rnatish va kengaytirish uchun diplomatik qo‘llab-quvvatlashga tomonlar tayyor ekanliklari tasdiqlandi. Shuningdek, uchrashuvda turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.