Turkiyada turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega Sodiq Badak O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi etib tayinlanadi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati. U ushbu oydan ishga kirishadi.

Turkiya Milliy assambleyasining sobiq deputati nomzodi Antaliya provinsiyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidentining 25−26 oktyabr kunlari Turkiyaga safari doirasida turk hukumatiga tavsiya qilingan edi.

Maslahatchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

Turkiyaning turizmni rivojlantirish bo‘yicha 30 yillik tajribasini o‘zbek mutaxassislariga yetkazish hamda o‘rta va uzoq istiqbolda (5 va 10 yil) O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha strategik rejani ishlab chiqishda ko‘maklashish;

mamlakatning turistik salohiyati yuqori viloyatlarida infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalari rejalarini ishlab chiqishda ko‘maklashish;

O‘zbekistonning turizm sohasidagi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar hamda turizmni jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi choralarni ishlab chiqish;

O‘zbekiston uchun potensial xorijiy turizm bozorlarini o‘rganib, turistik brendlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;

chet ellik va mahalliy sayyohlar uchun yangi sayyohlik mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish vahokazo.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi qo‘mita delegatsiyasining yaqinda Turkiyaga uyushtirgani safari doirasida qator Turkiya kompaniya va tashkilotlari bilan hamkorlik va O‘zbekiston sayyohlik sektoriga sarmoyalarni jalb etish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilgan edi.