1 oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning doimiy aholisi yil boshidan buyon 391,4 ming kishi yoki 1,2 foizga oshib, 32 million 511,9 ming nafarga yetdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining choraklik hisobotida so‘z boradi.

Shahar aholisi soni 16 million 451,9 ming kishini yoki umumiy aholining 50,6 foizi, qishloq aholisi esa 16 million 60 ming kishi yoki 49,4 foizni tashkil etdi.

Yanvar-sentyabr oylarida tug‘ilishlar soni 523,6 mingni (2016 yil yanvar-fevralida — 532,4 ming kishi yoki 8800 nafar ko‘proq), tug‘ilish koeffitsiyenti 21,7 promilleni tashkil etdi.

Tug‘ilish koeffitsiyenti Xorazm (20,7 dan 19,5 promillegacha), Buxoro (20,6 dan 19,5 gacha), Farg‘ona (21,9 dan 20,8 gacha), Toshkent (20,2 dan 19,2 gacha), Qashqadaryo (24,7 dan 23,8 gacha), Namangan (23,5 dan 22,6 gacha), Andijon (22,9 dan 22,1 gacha), Navoiy (22,3 dan 21,7 gacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (20,7 dan 19,5 promillegacha) eng ko‘p kamaygan.

Yilning to‘qqiz oyi davomida vafot etganlar soni 116,9 ming kishini (2016 yilning shu davrida — 108,9 ming yoki 8000 taga kam) tashkil etdi, o‘lim koeffitsiyenti 4,8 promilledan (4,6 promille) iborat bo‘ldi.

Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Andijon (4,8 dan 5,3 promillegacha), Namangan (4,3 dan 4,8 gacha), Jizzax (3,9 dan 4,3 gacha) viloyatlarida eng yuqori o‘sish qayd etildi. Qashqadaryo (4,1 promille), Buxoro (4,3), Jizzax (4,3) va Samarqand (4,3) viloyatlarida o‘lim darajasi eng past bo‘lgan.

Jami o‘lim holatlarining 60,5 foiziga qon aylanish tizimi kasalliklari sabab bo‘lgan bo‘lsa, 9,2 foizi — yangi paydo bo‘lgan, 6,2 foizi — baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar, 5,6 foizi — ovqat hazm qilish organlari, 4,9 foizi — nafas olish, 1,7 foizi — infeksion va parazitar hamda 11,9 foizi — boshqa xastaliklar sababli sodir bo‘lgan.

Yanvar-sentyabr oylarida FHDYO idoralarida 192,7 ming nikoh va 23,6 ming ajrim qayd etildi.

To‘qqiz oy davomida mamlakatga 120,8 ming kishi kelib, 136,1 ming kishi chiqib ketdi. Migratsiya saldosi minus 15,3 ming kishini tashkil etdi. 2016 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 20,7 ming kishidan iborat bo‘lgan.