O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni «Turkiya Respublikasi fuqarolari uchun viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deya xabar qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Hujjatda qayd etilishicha, u O‘zbekistonning Turkiya bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorligini jadallashtirishga qaratilgan.

O‘zbekistonga ishbilarmonlik maqsadida tashrif buyuruvchi Turkiya fuqarolariga bir yilgacha muddatdagi ko‘p martalik vizalar uch ish kuni davomida (hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmaganda) O‘zbekistonning xorijdagi muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladi. Bunda O‘zbekistondagi yuridik shaxslarning O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga taklifnoma yuborish so‘rab murojaat qilish talabi bekor qilindi.

O‘zbekistonga sayyoh sifatida tashrif buyuruvchi Turkiya fuqarolariga bir oygacha muddatdagi vizalar ham uch ish kuni davomida (hujjatlar taqdim etilgan kun hisobga olinmaganda) rasmiylashtiriladi. Turistik vaucher hamda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va boshqa sayyohlik tashkilotlari taklifnomalarini taqdim etish talabi bekor qilindi.