«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi O‘zbekistn Prezidentining uzoq parvozlari uchun rasmiy samolyot sifatida foydalanish maqsadida rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov foydalanayotgan Airbus 340 samolyotini ijaraga oldi. Bu haqda MAK saytidagi xabarda so‘z boradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etgan Nyu-Yorkka safarida va yaqindagina Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan MDH sammitiga tashrifida mazkur samolyotdan foydalandi.

Hukumat «O‘zbekiston havo yo‘llari"ga ijaraga olish uchun samolyotlarni izlash va saralash topshirig‘i berilgan edi. Qulaylik, xavfsizlik va texnik tayyorlik nuqtai nazaridan GlobalJet layner operatori taklif etgan Airbus 340 (ro‘yxat raqami M-IABU) samolyoti tanlandi.

«Milliy aviakompaniya havo kemasiga egalik qiluvchi Klaret Aviation Limited kompaniyasi bilan mavjud bozor narxlari bo‘yicha tijoriy shartlar asosida ijara shartnomasini tuzdi», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» O‘zbekiston hukumati nomidan Alisher Usmonovga ijaraga berishga rozi bo‘lgani uchun minnatdorchilik bildiradi, deya qayd etiladi xabarda.