«O‘zbektelekom» milliy telekommunikatsiya operatori 20 oktyabrdan ayrim xizmatlar uchun tariflarni oshirish to‘g‘risidagi qarori bekor qilingani to‘g‘risida xabar berdi.

Operator xabarida aytilishicha, qaror abonentlar va kompaniya hamkorlarining istaklari inobatga olingan holda qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 4 oktyabrda tasdiqlagan yangi preyskurantga muvofiq, shahar telefonlaridan foydalanish tariflari taxminan 30 foizga, xorijga qo‘ng‘iroq qilish narxlari esa ikki barobarga oshirilishi lozim edi. Telegraf aloqasi xizmatlari narxlarini ham ikki barobarga oshirish belgilangandi.

«O‘zbektelekom» xabarida qayd etilishicha, hozircha 2016 yil 1 yanvarda joriy etilgan tariflar saqlanib qoladi.