Toshkentdagi barcha notarial idoralar 11 oktyabrdan boshlab ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish, almashtirish va sovg‘a qilish bo‘yicha shartnomalarni tuzishda ma’lumotlarni mahkamalararo elektron aloqa yo‘li bilan Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasidan oladi.

«Bugundan boshlab ko‘chmas mulklarni sotish va sotib olish, almashtirish, sovg‘a qilish uchun Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri boshqarmasi tomonidan qog‘oz ko‘rinishidagi ma’lumotnomalarning berilishi to‘liq bekor qilinadi», — deya xabar qildi poytaxt Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi «Gazeta.uz"ga.

Boshqarma saytida xabar qilinishicha, mahkamalararo qog‘ozsiz aloqaning joriy etilishi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarda shartnomalarni tuzish mexanizmlarini soddalashtirish bilan bir qatorda ko‘chmas mulk bozorida noqonuniy o‘rtakashlik tuzilmalari faoliyatini cheklaydi.

So‘nggi oylarda notarial idoralarga soliq va kommunal qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi axborotlarni elektron ko‘rinishda olish imkoniyati yaratildi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda ko‘chmas mulk bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirishda faqatgina propiska qilinganlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (№17 shakl) talab qilinmoqda. Xususiy uylar bilan bog‘liq shartnomalarda esa gaz bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma so‘ralmoqda, biroq yaqin vaqtlarda u ham bekor qilinadi.

Notarial idoralar uchun «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 27 fevraldagi qarori bilan ishga tushirilmoqda. Rejaga ko‘ra, tizim Toshkentda 1 iyuldan, butun mamlakat hududida esa 2018 yil 1 iyulidan ishga tushirilishi lozim.