Oliy Majlis Senati 4 oktyabr kuni ochiladigan 12-yalpi yig‘ilishda 5 sentyabr kuni Bishkekda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi.

Qonun 28 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan edi. U O‘zbekiston Prezidenti imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi.

Qirg‘iziston Prezidenti Jogorku Kenesh tomonidan 28 sentyabrda qabul qilingan ushbu shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni 2 oktyabrda imzoladi.

Shartnomaga ko‘ra, tomonlar 1170,53 kilometrlik davlat chegaralari bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmatining xabar qilishicha, Senat yig‘ilishi kun tartibidan ayrim qonunchilik aktlariga fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalasiga oid o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritishni ko‘zda tutgan qonun muhokamasi ham o‘rin olgan.