Bangladesh Qizil yarim oy jamiyati Myanmaning Rakxayn shtatidan Bangladeshga qochib o‘tgan odamlar uchun O‘zbekistondan yuborilgan eng katta insonparvarlik yordamlaridan birini qabul qilib oladi. Bu haqda O‘zA Bangladesh QYAOJ ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Ehtiyojga muhtoj 8 ming oilaning har biri (taxminan 50 ming kishi) O‘zbekistondan yuborilgan 14 turdan ziyod oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar, jumladan, guruch, shakar, yeryong‘oq, sut kukuni, pechene, chivinga qarshi to‘r, ayollar, erkaklar va bolalar uchun kiyim-kechaklar (sari, lungi, futbolka), ko‘rpa-to‘shak, oyoq kiyimlari, asosiy dori-darmon vositalari va mineral suv bilan ta’minlanadi.

O‘zbekiston vakillari Bangladesh QYAOJga insonparvarlik yuklarini dushanba kuni ertalab yetkazishi ma’lum qilingan. Jamiyat raisi Hafiz Ahmad Majumdar yuklarni O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyevdan qabul qilib oladi.

Bangladesh QYAOJ rahbari qochoqlarga insonparvarlik yuklari yuborilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.