Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev 16 sentyabr kuni Toshkentga davlat tashrifi bilan keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi, deb xabar qildi O‘zA.

Tashrif ikki davlat rahbarining Mustaqillik maydoniga tashrifi bilan boshlandi. Bu yerda Nursulton Nazarboyev Mustaqillik va ezgulik yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Shundan so‘ng prezidentlar Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ziyorat qildi.

Ular O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ko‘p yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohiga tashrif buyurdi. Nursulton Nazarboyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Shundan so‘ng prezidentlar «O‘zekspomarkaz"da tashkil etilgan Qozog‘iston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ikki davlat rahbarlarining muzokaralari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Davlat rahbarlari huzurida Davlat chegaralari o‘tkazish punktlari va avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash hamda tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida suvga oid munosabatlar sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi, O‘zbekiston hukumati bilan Qozog‘iston hukumati o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikning ba’zi masalalari to‘g‘risida bitim, Harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim, O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Qozog‘iston Moliya vazirligi o‘rtasida kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati bilan «Qazaqstan temir joli» Milliy kompaniyasi o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitimga imzo chekildi.

Bundan tashqari, mamlakatlar hududlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalariga asos bo‘ladigan hujjatlar ham qabul qilindi. Sirdaryo viloyati hokimligi bilan Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi bilan Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan Qizilo‘rda viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Shuningdek, tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan Qozog‘istonning Aktobe viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida memorandum, Jizzax viloyati hokimligi bilan Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida memorandum, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan «Kazinform» xalqaro axborot agentligi o‘rtasida memorandum imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. Oliy martabali mehmonga mukofotni Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi topshirdi.