O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga sayyoh sifatida keluvchi Polsha fuqarolariga viza berish tartiblarini soddalashtirish orqali ushbu mamlakatdan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan qarorini imzoladi. Mazkur qaror ushbu mamlakatdan sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga sayyoh sifatida tashrif buyuruvchi Polsha fuqarolariga 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladigan vizalar hujjatlar qabul qilingan kunni hisobga olmaganda ikki kun ichida rasmiylashtiriladi. Bunda turistik vaucherlar va O‘zbekiston sayyohlik tashkilotlari taklifnomalarini taqdim etish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Tailand, Fransiya, Chexiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etilgan. Ushbu mamlakatlar sayyohlariga bir oygacha muddatga ko‘p marotabalik, tadbirkorlik doiralari vakillariga esa bir yilgacha (Malayziya uchun olti oy) muddatga vizalar taqdim etilib, bunda turvaucher yoki O‘zbekiston yuridik va jismoniy shaxslarining TIVga taklifnoma bilan murojaat qilishi talab etilmaydi. Vizalar hujjatlar topshirilgan kun hisobga olinmaganda ikki kun ichida rasmiylashtiriladi.