Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudlov hay’ati tomonidan javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qotillik sodir etganlikda ayblanayotgan Shavkatjon Mahkamovga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi saytida xabar qilindi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, muqaddam uch marta sudlangan Mahkamov (1981 y.t.) Yuqorichirchiq tumanida yashovchining uyida yollanma ishchi sifatida ishlab kelib, oldindan o‘ylangan rejaga asosan 15 aprel kuni uy egasi va uning turmush o‘rtog‘iga oshxona pichog‘i bilan qurollangan holda hujum qilib, ularni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng, jabrlanuvchilarga tegishli bo‘lgan jami 82 ming AQSH dollari va 7 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari, shuningdek 18 mln. so‘mlik turli buyumlar va Shevrolet Spark avtomashinasini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Mahkamov 17 aprel kuni qo‘lga olinib, undan tegishli ashyoviy dalillar olingan.

Sud hukmiga asosan Mahkamov javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, avtotransport vositasini olib qochish va boshqa o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.