5 sentyabrdan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxona va joylashtirishning boshqa vositalariga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar faqatgina milliy valyutada amalga oshirish boshlandi. To‘lov xalqaro plastik kartalar orqali amalga oshirilganda esa istisno tariqasida xorijiy valyutada hisob-kitob qilinishi mumkin. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston hududida naqd puldagi xorijiy valyuta orqali to‘lovlarni amalga oshirishga nisbatan taqiq Prezidentning 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini erkinlashtirish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirib o‘tilgan edi. Eslatib o‘tamiz, 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxonalarda joylashish uchun to‘lovni faqatgina erkin konvertatsiyalanuvchi valyutada (EKV) amalga oshirishlari mumkin.

Bundan tashqari, mamlakat hududida barcha tariflar va narxlar faqatgina milliy valyutada belgilanadi. Biroq mehmonxona xo‘jaliklarida xalqaro kartalar orqali to‘lashni istagan chet el fuqarolari uchun so‘mning xorijiy valyutaga nisbatan joriy kursidan kelib chiqqan holda axborot maqsadida kalkulyatorli tablolardan foydalanishga ijozat berildi.

sayyohlik operatorlariga O‘zbekiston fuqarolaridan keyinchalik xorijdagi mehmonxonalar xizmatlari uchun naqd puldagi EKVda to‘lovlarni qabul qilish taqiqlandi.

Ayni paytda mehmonxonalarda to‘lov 1 AQSH dollari uchun 8100 so‘m miqdoridagi milliy valyutada amalga oshirilmoqda. Yig‘im uchun yangi miqdor Vazirlar Mahkamasining 15 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida turizmni yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga o‘zgartishlar kiritilganidan so‘ng ma’lum qilinadi.

Yuqoridagi talablar O‘zbekiston tashqarisidagi xorijiy valyutalarni pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiruvchi mehmonxona xo‘jaliklari va turistik faoliyat sub’ektlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Narxlarning ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Davlat turizm qo‘mitasi sayyohlik faoliyati sub’ektlariga O‘zbekiston fuqarolari uchun so‘mda belgilangan amaldagi narxlarni saqlab qolish, agarda ular AQSH dollari kursiga bog‘langan bo‘lsa, Prezident farmoni imzolangan vaqtdagi kurs darajasida (4210,35 so‘m) qayd etishga ko‘rsatma berdi.

Chet el fuqarolariga xizmat ko‘rsatishda mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida narxlarni Markaziy bankning to‘lovni amalga oshirgan kundagi rasmiy kursi bo‘yicha milliy valyutada mustaqil ravishda belgilash tavsiya qilindi.