O‘zbekistonda ayriboshlash shoxobchalarida jismoniy shaxslardan pasport talab qilmasdan naqd puldagi xorijiy valyutani sotib olish hajmi oshirildi. Bu haqda qator banklardan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilindi.

Seshanba kuni ayriboshlash shoxobchalarida yangicha tartibda xorijiy valyutani sotish olishda pasport talab qilinuvchi me’yor eng kam oylik ish haqining 100 barobari (14977500 so‘m yoki davlat kursi 8000:1 bo‘yicha 1873 AQSH dollari) miqdorida belgilangan bo‘lsa, chorshanba kuni u EKOIHning 500 barobarigacha (74887500 so‘m yoki 9360 dollar) oshirildi.

FATF (noqonuniy pullarni «yuvish"ga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiqish guruhi) tavsiyasiga binoan banklar jumladan naqd puldagi chakana operatsiyalar miqdori 15 ming dollardan oshgan taqdirda mijozlarni tekshirish uchun choralarni amalga oshirishi lozim. O‘zbekistonda endilikda ushbu chegara 9000 dollardan ziyodroqni tashkil etadi.

Jismoniy shaxslarga hozircha konversion kartalar orqali xorijiy valyutani sotishdagi chegara esa bir chorak uchun 5000 dollar etib belgilangan (avvalgi chegara 2000 dollar edi).

2 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Valyuta siyosatini erkinlashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Ushbu farmon bilan jismoniy va yuridik shaxslarga xorijiy valyutalarni sotish va ulardan sotib olishdagi uzoq yillik cheklovlar bekor qilindi. Valyuta kursini belgilashda bozor mexanizmlaridan foydalanilmoqda.