Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan tabrik xati yo‘lladi.

«Siz kabi men ham davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdoriman hamda Fransiya timsolida ustuvor sherikni ko‘rayotganingizdan mamnunman», — deyiladi tabrikda.

«So‘nggi oylarda Fransiya va O‘zbekiston munosabatlarida yangicha sur’at kuzatilmoqda. Xususan, bu joriy yil boshidan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasida uch marta yuqori darajada delegatsiyalar tashrifi amalga oshirilgani samarasidir. Bunda shaxsan Siz faol ishtirok etayotganingizdan xabardorman va buni yuksak qadrlayman. Siz Samarqanddagi loyiha yuzasidan imzolagan qaror Fransiya taraqqiyot agentligiga mamlakatingizda o‘zining ilk muhim faoliyatini amalga oshirish imkonini beradi. Buning uchun Sizdan minnatdorman», — deya ta’kidladi Emmanuel Makron.

«Siz bilan dastlabki amaliy muzokaralarimizni o‘tkazish uchun Parijda uchrashishdan xursand bo‘laman. Mazkur uchrashuv davlatlarimiz terrorizm va iqlimning global o‘zgarishi kabi umumiy muammolar bilan to‘qnash kelgan bir paytda siyosiy muloqotimizni mustahkamlashga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi Fransiya Prezidenti. Uchrashuvning qachon o‘tkazilishi aniq emas.

«Madaniyat va ta’lim sohalaridagi o‘zaro munosabatlar ham katta istiqbolga ega, — deya davom ettirdi u. — Xususan, Luvrda ko‘rgazma tashkil qilish loyihasi, Toshkent shahridagi fransuz maktabi faoliyatini rivojlantirish, Samarqand va Buxoro shaharlarida „Fransuz alyansi“ filiallarini ochish istiqbollarini nazarda tutayapman».