Boks bo‘yicha O‘zbekiston termasi a’zolari Hasanboy Do‘smatov va Iqboljon Xoldorov Germaniyaning Hamburg shahrida 2017 yilgi jahon chempionatining ilk finalchilari bo‘ldi. Sanjar Tursunov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

49 kg: Hasanboy Do‘smatov — Yuberxen Martines Rivas — 5:0 (29/28, 29/28, 29/28, 30/27, 30/27)

Vel Barker Kubogi sohibi, Olimpiada-2016 va Osiyo birinchiligi chempioni Hasanboy Do‘smatov kolumbiyalik Yuberxen Martines Rivas bilan jangga kirishdi. Janubiy amerikalik bokschi jangni shiddatkor boshladi. Biroq o‘zbekistonlik undan birmuncha tezroq harakat qilib, raqibiga qarshi zarbalar berib, ajoyib tarzda himoyalandi. Uch raund yakuniga ko‘ra Hasanboy Do‘smatov g‘olib topildi (video).

Finalda Andijon vakili amaldagi jahon chempioni kubalik Xoanis Arxilas bilan uchrashadi. U yarim finalda qozog‘istonlik Jomart Yerjanni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Qayd etish joizki, Do‘smatov va Arxilagos Jahon boks seriyasi (WSB) chorak finalida Samarqandda uchrashgan edi. O‘shanda Uzbek Tigers vakili g‘olib bo‘lgan edi.

64 kg: Iqboljon Xoldorov — Freydis Roxas — 4:1 (30/27, 30/27, 30/27, 30/27, 28/29)

Osiyo chempioni Iqboljon Xoldorov amerikalik Freydis Raxasga qarshi ringga ko‘tarildi. Ushbu uchrashuvda raqiblar tez-tez klinch holatiga kirishdi, ayniqsa AQSH vakili asosiy tashabbuskor bo‘ldi. Iqboljon Xoldorov raqibiga qaraganda aniqroq zarbalar berib, yarim finalda g‘olibni o‘z nomiga yozdi. Finalda u kubalik Endi Kruz bilan jang qiladi. Ular WSB doirasida jang olib borgan va Xoldorov mag‘lubiyatga uchragan edi (video).

91 kg: Sanjar Tursunov — Yevgeniy Tishenko — 0:5 (27/30, 27/30, 27/30, 27/30, 28/29)

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining eng yosh a’zosi, Osiyo chempioni Sanjar Tursunov amaldagi JCH, Yevropa va Olimpiada-2016 chempioni Yevgeniy Tishenko bilan jang olib bordi. Rossiyalik bokschi bo‘y va qo‘l uzunligi bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lib, ulardan unumli foydalandi. Jang yakuni bo‘yicha finalga rossiyalik yo‘l oldi. Sanjar Tursunov esa jahon chempionati bronza medalini qo‘lga kiritdi (video).

1 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi yarim final janglari jadvali. Uchrashuvlar Uzreport orqali translyatsiya qilinadi.

  • 52 kg: Jasurbek Latipov — Inkyu Kim (Janubiy Koreya) — 21:15;
  • 69 kg: Shahram G‘iyosov — Abilayxan Jusupov (Qozog‘iston) — 22:00;
  • 81 kg: Bektemir Meliqo‘ziyev — Jozef Uord (Irlandiya) — 22:45.