30 avgust kuni Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani «Istiqbol» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘.Xamidov fuqaro D.Karimovadan 500 ming so‘m miqdorida pora olayotgan vaqtda ushlandi.

Tezkor tadbir O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

Viloyat prokuraturasi saytida xabar qilinishicha, muqaddam D.Karimova prokuratura organlariga ariza bilan murojaat qilib, qonuniy ajrashish uchun fuqarolik sudiga taqdim etishi kerak bo‘lgan ayrim hujjatlarni tayyorlab berish evaziga mahalla raisi undan pora talab qilayotganligini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Yuqorichirchiq tumani prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.