O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan 11-yalpi yig‘ilishda «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunni tasdiqladi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar qilishicha, qonun bilan axborotlar 7, 12, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan yosh toifalari bo‘yicha tasniflash joriy etildi.

Qonunda bolalarga zarar yetkazuvchi axborot turlari ta’riflangan. Bolalarni o‘z hayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga undaydigan, ularda narkotik vositalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, qimor o‘yinlarida ishtirok etish istagini paydo qiladigan axborot tarqatilishi to‘liq man etilgan.

Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, turli noqonuniy xatti-harakatlar, shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlarni oqlaydigan axborot tarqatilishi taqiqlangan.

Qonunda bosma shakldagi, zararli axborotdan iborat mahsulotning bolalar kirishi mumkin bo‘lgan joylarda faqat zich o‘ralgan idishlarda tarqatilishi belgilangan.

Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotining bolalar uchun mo‘ljallangan ta’lim, tibbiyot, sanatoriy-kurort, jismoniy tarbiya va sport, madaniyat va sog‘lomlashtirish muassasalarida tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Huquqiy hujjatda davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari, bu faoliyatda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining mexanizmlari aniq belgilangan. Qonunda qayd etilganidek, axborotni bolalar yoshiga qarab tasniflashning batafsil tartibi, shuningdek, ularni u yoki bu toifaga kiritish mezonlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan alohida nizom bilan belgilanadi.

Qonunda axborot mahsuloti ekspertizasini o‘tkazish va bolalar orasida taqiqlangan axborot mahsulotlari reyestrini yuritish shartlari, tartibi o‘rnatilmoqda. Ushbu Reyestrni tuzish va uni yuritish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Qonunning dolzarbligi O‘zbekiston aholisining 35 foizi yoki 11,2 million nafari 18 yoshga to‘lmagan shaxslardan iborat ekani bilan asoslanadi, deya qayd etildi yig‘ilishda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v. b. Sherzod Shermatov senator Shohida Aripovaning «zararli» axborot kattalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risidagi so‘zlariga javob qaytarar ekan, ushbu masalani o‘rganish uchun maxsus ishchi guruhini tuzish mumkinligini ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov (yuqoridagi suratda chapdan uchinchi) senator Oripjon Qudratovning «zararli» axborotlardan jabrlangan bolalarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda ushbu vazifani bajarish uchun mutaxassislar mavjudligiga oid savoliga javob qaytarar ekan, moddiy baza ta’minlangani va kadrlar yetarlicha ekanini ma’lum qildi.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida pediatriya bo‘limlarida 11,5 mingdan ziyod, nevrologiya bo‘limlarida 1200 va psixonevrologiya bo‘limlarida 400 dan ortiq o‘rinlar mavjud. Ambulator xizmatlarni ko‘rsatish uchun 2500 dan ziyod poliklinikalar faoliyat ko‘rsatayotgani, ularda 11,2 ming umumiy amaliyot shifokorlari, 6200 pediatr, bolalar nevropatologlari, psixologlar, o‘smirlar shifokorlari va psixiatrlari ishlayotganini ta’kidlab o‘tdi Alisher Shodmonov.