Dam olish kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 18,67 million kishi ishtirok etdi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi axborot xizmati ushbu ma’lumotlarni e’lon qildi.

Mustaqillik bayrami arafasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tadbirda 12,42 million yoshlar vakillari ishtirok etdi, deyiladi kengash xabarida.

Ikki kun davomida umumiy maydoni 41 ming gektarga yaqin maydon obodonlashtirildi, 27 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi ariqlar tozalandi, 9000 ta qabriston va 800 ziyoratgoh hududi tartibga keltirildi. 18 milliondan ortiq daraxt tuplari oqlandi.

Ikki kun davomida 18 ming oilaga xonadonlarini ta’mirlashga ko‘maklashildi. 24 ming ehtiyojmand oila, jumladan 8000 imkoniyati cheklangan va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam berildi. Ushbu maqsadlar uchun 5,3 mlrd so‘m ajratildi.

Dam olish kunlari 297 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti, 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi hamda 32 ta bolalar sport maydonchalari foydalanishga topshirildi. Xashar munosabati bilan korxona, muassasa va tashkilotlar xodimlarining bir kunlik oylik ish haqi «Mahalla» jamg‘armasi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamiga o‘tkazildi. Ushbu mablag‘lar «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.