14 avgustdan boshlab Toshkentning Oloy, Yunusobod va Qo‘ylik bozorlarida naqd pul berish uchun O‘zbekiston Xalq banki tomonidan o‘rnatilgan bankomatlar ishlashni boshladi. Hozircha ushbu bozorlarda bir donadan bankomat o‘rnatilgan.

O‘tgan hafta davomida bankomatlar yaqinida katta navbatlar kuzatildi. Kartasidan naqd pul yechishni istaganlar o‘rtasida tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun har kuni ro‘yxat tuzilmoqda. Naqdlashtirish jarayoni 1,5−2 daqiqa vaqtni olmoqda. Biroq navbat uzunligi bois odamlar soatlab kutib qolmoqda.

Bankomatlar 9:00 da ish boshlaydi. Hozircha jarayon Xalq banki vakili nazorati ostida.

«Bu uzoq davom etmaydi, — dedi u. — Birinchi haftada odamlarga bankomat bilan ishlashda yordam kerak bo‘ladi. Keyinchalik bizning bo‘lishimiz shart emas».

Bank xodimining so‘zlariga ko‘ra, bitta kartadan kuniga 100 ming so‘mgacha pulni komissiya to‘lovisiz naqdlashtirish mumkin. Mablag‘lar 1000, 5000 va 10000 so‘mlik banknotalarda berilmoqda. Ayrim kunlar bankomatdagi pul bozor ish soatlari tugamasdan tamom bo‘lib qolmoqda. Biroq u qo‘shimcha pullar bilan to‘ldirilmoqda.

Foto