O‘zbekiston va Turkiya aviakompaniyalari 2017−2018 yillar qishgi navigatsiya davri mobaynida Samarqand va Istanbul o‘rtasida haftasiga bir martadan reysni amalga oshiradi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda shu haqdagi kelishuvga erishildi, deb xabar qildi «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Kelgusi yil parvoz jadvalidan boshlab har ikki aviakompaniya tomonidan aviareyslarni haftasiga ikki martagacha oshirish rejalashtirilgan. Bunda Toshkent va Istanbul o‘rtasidagi reyslar soni o‘zgarishsiz qoladi.

Muzokaralarda turk tomonidan Transport, dengiz ishlari va kommunikatsiyalar vazirligi Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi bosh direktori Bahri Kesichi ishtirok etdi.