O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Toshkent viloyatiga ko‘chadi. OTM Chirchiq shahri, Sportchilar ko‘chasi, 19-uy manzili bo‘yicha joylashadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 10 avgustdagi qarorida so‘z boradi, deb xabar berdi «Norma.uz».

Bundan tashqari, institutga Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining binolari, inshootlari hamda istirohat bog‘i o‘tkaziladi.

O‘z navbatida, Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji Chirchiq shahri, Chirchiq 50 yillik ko‘chasi, 14-uy manzilida joylashtiriladi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab Davlat jismoniy tarbiya institutida ta’limning sirtqi bo‘limi ochiladi. Institutda tahsil olayotgan milliy terma jamoasi a’zolari, terma jamoa a’zoligiga nomzodlarga ta’limning sirtqi shakliga o‘tishga ruxsat berildi.

Chirchiq sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji faoliyatini tugatadi hamda o‘quvchilar va pedagog kadrlar boshqa kasb-hunar kollejlariga yo‘naltiriladi.