Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyul kuni migratsion jarayonlar va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda mazkur sohada O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining bir qator yangi vazifalari belgilangan.

Shular jumlasiga fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiyaning barcha bo‘limlarida majburiyatlarni tegishli ravishda bajarilish javobgarligini oshirish va maqsad va vazifalarni aniq belgilash bo‘yicha «ishni tashkillashtirishning sifatli yangi tartibi"ni joriy etish kiradi.

O‘zbekistonda bo‘lish, kirish, chiqish va aholiga pasport berish, fuqarolikka ega bo‘lish, fuqarolikdan chiqish va uni yo‘qotish, hamda siyosiy boshpana berish jarayonlarini «prognozlash, baholash va tahlilning samarali mexanizmlari"ni joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Muhim yo‘nalish fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida profilaktika choralarini kuchaytirish, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, jumladan boshqarilmaydigan navbatlar ta’sirida vujudga keladigan xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va korrupsion hodisalarni tubdan yo‘q qilishdan iborat.

Pasport tizimi qoidalarining buzilishi, noqonuniy migratsiya holatlaridan ogohlantirish, ularni aniqlash va bartaraf etish tizimini ularni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni kompleks o‘rgangan holda takomillashtirish belgilangan.

Yaqin oylarda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari faoliyatida davlat xizmatlarini ko‘rsatish va pasport tizimi masalalari bo‘yicha fuqarolar qabullarini boshqarishning aloqaning kontaktsiz shaklini ta’minlovchi elektron tizimini joriy etish boshlanadi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan biometrik hujjatlarni taqdim etish, xorijga chiqish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirish, doimiy va vaqtinchalik propiska olish, yashash joyi bo‘yicha hisobga turish, shuningdek manzilli-ma’lumotnoma axborotlarini taqdim etish jarayonlarini soddalashtirishni ta’minlovchi elektron tizimi 2018 yil 1 maydan joriy etilishi lozim.

IIVning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tuzilmasida Elektron axborot tizimlarini boshqarish boshqarmasi tashkil etiladi. Keltirib o‘tilgan tizimlarni joriy etish va rivojlantirishdan tashqari, boshqarma doimiy va vaqtinchalik propiska , yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, O‘zbekistonga kelish, ketish va bo‘lish, fuqarolikka qabul qilish, chiqarish va bekor qilish, siyosiy boshpana berish sohasida integratsiyalangan ma’lumotlar bazasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qaror bilan xorij davlatlari, birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p borayotgan mamlakatlar hududlarida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi vakolatli tashkilotlari vakolatxonalarini ochish, shuningdek chet elda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish va ro‘yxatdan o‘tish tartiblarini soddalashtirish rejalashtirilgan.