11 iyul kuni Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi M-39 yo‘lining Qozog‘istonning Maqtaaral tumani orqali o‘tuvchi uchastkasi yana ochildi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi xabar qildi.

Shu kuni O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegaralarida joylashgan «Malik» («Sirdaryo» va «Oq oltin» («Selinniy») avtomobil o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsatishni boshladi.

M-39 yo‘lining qo‘shni mamlakat hududi orqali o‘tuvchi 25 kilometrga yaqin masofadagi uchastkasi 2006 yilda yopilgan edi. Ikki davlat rahbarlarining kelishuvi sharofati bilan uning ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Yo‘lning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Rozuqulov, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi. Qozog‘iston tomonidan Qozog‘iston investitsiyalar va taraqqiyot vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar, Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi Janseit Tuymebayev, Qozog‘istonning Toshkentdagi elchisi Yerik Utembayev va boshqalar ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 26 apreldagi qaroriga muvofiq, trassa ochilishi 15 mayda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq bu sana ko‘chirildi. Yo‘l orqali faqatgina yengil avtomobillarning o‘tishiga ruxsat beriladi, yuklar va tijoriy maqsadlardagi tovarlarni olib o‘tish taqiqlanadi.

O‘zbekiston fuqarosi soddalashtirilgan tartibda — bojxona hujjatlarini rasmiylashtirmasdan Maqtaaral tumani orqali to‘xtalishlarsiz tranzit bilan chegaradan o‘tishi mumkin. Bunda davlat chegaralarini kesib o‘tish huquqini beruvchi shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.

Notranzit maqsadlarda Qozog‘iston yo‘nalishida harakatlanuvchi O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolariga nisbatan chegara nazorati qonunchilikda belgilangan tartibda va O‘zbekiston imzolagan xalqaro shartnomalar doirasida amalga oshiriladi.

Bojxona nazorati soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi, hech qanday bojxona deklaratsiyalari to‘ldirilmaydi, transport vositasi ro‘yxatga olinmaydi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi, biroq majburiy vizual ko‘rik olib boriladi.