O‘zbekiston Markaziy banki 11 iyuldan xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi kurslarini belgiladi.

AQSH dollari kursi 4000 so‘mlik chegaradan oshib, o‘tgan haftadagi nisbatan 27,95 so‘mga qimmatladi va 3986,55 so‘mdan 4014,5 so‘mga yetdi.

Joriy yil boshida 3231,48 so‘mni tashkil etgan Amerika dollari milliy so‘mga nisbatan 24,2 foizga oshdi. 2016 yil davomida esa dollarning so‘mga nisbatan kursi 15 foizga oshgan edi.

Seshanba kuni yevroning so‘mga nisbatan kursi 33,44 so‘mga oshib, 4568,9 so‘mga yetadi. Ayni paytda Rossiya rubli 0,64 so‘mga arzonladi va 66,49 so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bank har hafta valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan qiymatini belgilaydi.

Shu bilan birga, Norma.uz ma’lumotiga ko‘ra, hukumat 30 iyun kuni birjadan tashqari valyuta bozorida ayrim operatsiyalar bo‘yicha xorijiy valyutalarning bozor kursini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Jumladan, vakolatli banklar va ularning mijozlari o‘rtasida o‘tgan hafta davomida amalga oshirilgan banklararo savdo sessiyalarida qayd etilgan o‘rtacha valyuta qiymati bo‘yicha xorijiy valyutalarni sotish va sotib olish yuzasidan operatsiyalar o‘tkazish to‘g‘risidagi qoida bekor qilingan.

Ushbu kurs bo‘yicha import qilingan iste’mol tovarlari va xizmatlarni (jumladan transport va aloqa) sotishdan tushadigan so‘mdagi daromadlar erkin konvertatsiya qilinuvchi valyutada konvertatsiya qilinmaydi.

Shunday qilib, vakolatli banklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida birjadan tashqari valyuta operatsiyalarida bozor kursi bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.