O‘zbekistonda nodavlat notariuslarning faoliyatiga ruxsat beruvchi qonun loyihasi ishlab chiqish bosqichida. Mazkur choralar notarial xizmatlar sifatini yaxshilash va raqobatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan, deb xabar qildi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Inom Qudratov juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan iyun oyida sohadagi muammolarni tahlil qilish va jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan so‘rov natijalari ham ma’lum qilindi.

Tadqiqotda butun O‘zbekistondan 1104 kishi ishtirok etdi. Ularning 58,1 foizini toshkentlik respondentlar tashkil etdi. Ko‘pchilik fuqarolar (32,1 foiz) so‘nggi bir oyda notarial idoralar xizmatlaridan foydalangan.

588 respondent notariat sohasini tubdan isloh qilish, idoralar sonini oshirish, xususiy notarial amaliyotga ruxsat berish zarurligini yoqlab chiqdi.

64,9 foiz respondent esa notarial xizmatlardan foydalanishda noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelganini ma’lum qilgan. 678 kishi idora xodimi preyskurantda ko‘rsatilgandan juda katta miqdorda to‘lov talab qilganini ta’kidlagan.

Ko‘pchilik ishtirokchilar — 788 kishi — notarial idorada bir necha soat yoki kunlar davomida navbat kutganidan shikoyat qilgan.

771 nafar respondent mavjud muammolarni hal etish uchun talab qilinayotgan hujjatlar ro‘yxatini optimallashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini yaratish zarur deb hisoblaydi. 691 kishining fikricha, notarial xizmatlar uchun to‘lovlar tizimini keskin qayta ko‘rib chiqish va ularning shaffofligini ta’minlash zarur.