Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20−21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida Mo‘ynoq tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosini hal qilishga qaratilgan Qo‘ng‘irot — Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi loyihasining boshlanishiga tamal toshi qo‘ygan edi.

Oradan rosa 5 oy o‘tib, 101 kilometr uzunlikda quvur yotqizilib, tuman aholisi uchun toza ichimlik suvi yetkazib berildi, deb xabar qildi O‘zA.

Mazkur bunyodkorlik ishlariga 26,6 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish-montaj ishlari bosh pudratchi — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «SPMS» maxsus ko‘chma mexanizatsiyalashgan stansiya quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.

Ushbu inshootning ishga tushirilishi natijasida bir sutkada 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.

«Toza ichimlik suvi hudud aholisining ko‘p yillik orzusi edi, — deydi „Nuroniy“ jamg‘armasi Mo‘ynoq tumani bo‘limi boshlig‘i Jangaboy Jusipov. — Shu paytgacha aholi Amudaryo yoki yer osti suvidan foydalanib kelar edi».

Davlat rahbarining joriy yil 18 yanvardagi «2017−2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida"gi qarori asosida nafaqat tuman markazi, balki chekka ovullardagi aholini ham sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Xususan, «Nukus, Beruniy, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Qorao‘zak tumanlarining suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash» loyihasi doirasida Mo‘ynoq tumanidagi 6 aholi punktida yashovchi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. «Mo‘ynoq-Uchsoy» suv tarmog‘i yana 1,51 kilometr uzaytirilib, olis ovul aholisiga sifatli ichimlik suvi yetib boradi.

Prezident 28 fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017−2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, tumanda 72 loyiha amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda 36 loyiha ijrosi doirasida 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Musa Yerniyazov so‘zga chiqdi.