O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus harbiy transport samolyoti shanba kuni 11:40 da Qozog‘istondagi YTHda vafot etgan 9 nafar fuqaroning jasadini Toshkentga olib keldi. Samolyot bortida hodisa vaqtida avtobusda bo‘lgan 7 nafar jabrlangan hamda qolgan 31 nafar fuqaro ham olib kelindi.

Samolyot Nukusdan 23 iyun kuni 19:40 da uchib ketgan va 23:00 da Qozog‘istonning Oqto‘be aeroportiga qo‘ngan edi.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, vafot etgan fuqaro M.Ergashev maxsus tibbiy avtomashinada Jizzax viloyatiga olib boriladi.

Vafot etgan fuqaro T.Djumayev «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi ko‘magida Surxondaryo viloyati Termiz shahar aeroportiga olib boriladi.
Vafot etgan 7 nafar fuqarolar 24 iyun kuni soat 12:40 da Mudofaa vazirligining samolyotida Farg‘ona shahar aeroportiga olib kelinib, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qiluvchi yaqinlariga topshiriladi.

Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan dafn etish marosimlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

YTH oqibatida jabrlangan fuqarolarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi.
Qolgan fuqarolarga doimiy yashash joylariga etib borishlari uchun amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilning 22 iyun kuni soat 10:20 da Akto‘be viloyatida «Volgograd — Chimkent» yo‘nalishida «Mersedes» rusumli avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Avtobusda jami 52 nafar yo‘lovchi bo‘lib, ulardan 50 nafari O‘zbekiston, 2 nafari Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning 9 nafar fuqarosi vafot etgan, 7 nafar fuqarosi jabrlanib, Aytikeb tumani shifoxonasiga yotqizilgan. Voqea joyida 10 nafar fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 21 nafar fuqaro YTH oqibatida jabrlanmagan.