O‘zbekiston IIV YHXBB Toshkentda o‘zlariga biriktirilgan avtomobillar tomonidan ko‘p marotaba yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun jarimalar bo‘yicha qarzdorlik belgilangan yuridik shaxslar ro‘yxatini e’lon qildi.

Eng ko‘p qoidabuzarlik «Hospital Doctor Di» MCHJga tegishli uchta Hyundai H1 avtomobili tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ular jami 43 (23+12+8) marotaba YHQni buzgani qayd qilingan. Ro‘yxatdan boshqa xususiy shifoxonalar ham o‘rin olgan — «Doctor-Servis» MCHJ Hyundai Starex (8 qoidabuzarlik), «Doctor Profi» Hyundai H1 (7) va «Sog‘liqni saqlash markazi» Hyundai H1 (6) avtomobili bilan.

Ularning tez yordam mashinalari ekani ko‘rinib turibdi. Amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra, avtomobilga egalik qilayotgan tashkilot qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma’muriy ishni bekor qilish uchun kechiktirib bo‘lmas xizmat vazifasini bajarganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Nexia avtomobili haydovchisi 13 marta qoidabuzarlik sodir etgan «Millenium Group» MCHJ o‘rin egalladi. Uchinchi o‘rinda— Toshkent hokimiyatining Epica rusumli mashinasi — 12 qoidabuzarlik. Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu mashina may oyidagi YHQ buzilishi to‘g‘risidagi hisobotda ham keltirib o‘tilgan edi.

Ro‘yxatga jami bo‘lib 62 avtomobil kiritilgan. YHXBB jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan 60 kunlik muddatni o‘tkazib yuborish, transport vositalarini ushlash va jarima maydonlariga joylashtirishga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirib o‘tdi.